Bilamizki, bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda aholi bandligini taʼminlash va daromad topishiga koʻmaklashish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada hududlarda yirik korxonalar, ishlab chiqarish majmualari ishga tushirilmoqda.
Aholiga imtiyozli kreditlar berilib, turli yoʻnalishlarda tadbirkorlik qilishi uchun imkoniyatlar berilmoqda. Ammo, afsuski, Qamashi tumanidagi “Oqrabot” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi bu borada qilingan ishlar negadir maqtovga arzirli emas, balki achinarli holda. Bu borada oʻrganish davomida mahalla aholisining eʼtirozlari oʻrinli ekani maʼlum boʻldi.
Taqdim etilgan manbalariga koʻra, 2020-yilda aholining bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida Qamashi tumani “Oqrabot” mahallasi hududidagi 450 gektar lalmi maydonga tokzor tashkil etishga harakat boshlanadi. Yaʼniki, besh kishidan iborat korporatsiya tuzilib, 450 gektar maydonda tokzor barpo etish maqsad qilinadi. Bogʻni sugʻorish uchun yangi texnologiya asosida xorijdan tomchilatib sugʻorish uskunalari keltirib, oʻrnatiladi. Maydonning turli joylarida quduqlar qazilib, bogʻ suv tejamkorligi texnologiyasi usulida sugʻorishga imkoniyat yaratiladi.
Aytsam tilim, aytmasam dilim, deganlaridek, tokzorning bugungi ahvolini koʻrib, rosti, qilingan shuncha xarajat va mehnatga achinmasdan iloj yoʻq. Kattagina maydon boʻylab uzumzorni qidirarkanmiz, dastlab koʻzimiz kattagina yantoqzorga tushadi. Sinchiklab kuzatarkanmiz, deyarli barcha joyga tomchilatib sugʻorish quvurlari yotqizib chiqilgan. Ammo, tok koʻzga tashlanmaydi. Bori ham hali endigina koʻkarishni boshlagan. Xullas, uch yil oldin ekilgan toklardan darak yoʻq.
Maʼlum boʻlishicha, bogʻ tashkil etilgach, 50 sotix va 90 sotixdan tokzor shu atrofdagi “Oqrabot”, “Gulshan”, “Kaptarxona”, “Ravot” mahallalari fuqarolariga ajratib berilgan. Buning natijasida 50 sotix tokzor olgan fuqaro uchun 18 million, 90 sotix uchun 33 million soʻmdan kredit rasmiylashtirilib, korporatsiyalarga oʻtkazib berilgan. Kredit “Xalq banki” ATB Qamashi filiali tomonidan ajratilgan. Ammo biz bilan suhbatlashgan “Oqrabot” mahallasi odamlarining aytishicha, kredit rasmiylashtirib, bogʻ berganliklaridan umuman xabari boʻlishmagan.
— Bu hududda bogʻ tashkil etish maqsadida 5 ta korporatsiya tashkil etilgan boʻlib, toʻrtta mahalladan jami 695 nafar aʼzosiga kishi boshiga 18 va 33 million soʻmdan 14 foizlik imtiyozli kredit ajratilgan, — deydi Xalq banki ATB Qamashi filiali rahbari Xolmurod Jabborov. — Umumiy hisobda 16 milliard soʻmga yaqin mablagʻ kredit bogʻ tashkil etishi uchun ajratilgan. Yaʼni, 695 nafar fuqaro nomidan ajratilgan kredit mablagʻlari beshta korporatsiyaga oʻtkazib berilgan. Korporatsiya masʼullari esa koʻchat va sugʻorish texnologiyalari olib kelib, bogʻni tashkil etishib, aholiga belgilangan tartibda uzumzorni boʻlib berishgan. Bugungi kunda esa kredit qaytarilmayapti.
Aytishlaricha, asosan ishsiz, kam taʼminlangan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ida roʻyxatda turgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilgan kreditlar berilishidan avval koʻpchilikka maʼlum qilinmagan.
— 2020-yil ikki farzandim OTMda kontrakt asosida tahsil olardi, — deydi Gulchehra Allayorova. — Bir kuni uy yumushlarini qilib turgandim, sobiq mahalla raisimiz bilan oʻzini “Xalq banki” xodimi deya tanishtirgan kishi kelib, qogʻozlarga qoʻl qoʻyib berishimni soʻrashdi. Nima ekanligini soʻragandim, ikki nafar farzandingiz kontraktga oʻqirkan, imzo qoʻyib bersangiz moddiy yordam ajratib beramiz, deyishdi. Bundan mamnun holda qogʻozdagi koʻrsatgan joylariga qoʻl qoʻyib berdim. Oradan biroz muddat oʻtib, qizimga taʼlim kredit olish uchun bankka borganimda, qizingiz nomida kredit bor ekan, qarzi bor ekan, deyishdi. Shundan soʻng oʻzim, qizim va oʻgʻlim nomiga kredit berilganini bildim. Eng yomon tomoni, biror marta uzumchilik tashkil etish borasida, bizga bogʻ berilishi borasida tushuntirmasdan bu ishni qilib yuborishibdi.
— Menga ham bildirmasdan, yordam beramiz, deb shartnomalarga qoʻl qoʻydirib, kredit rasmiylashtirgan, — deydi Guljahon Saʼdiyeva. — Oilamizdan toʻrt kishiga kredit ajratishgan ekan. Oʻgʻlim kasb oʻrganish maqsadida Qarshi shahridagi monomarkazga borgandi. U yerdagilar esa sizning bandligingiz taʼminlangan, deb aytishibdi. Shundan soʻng, maʼlum boʻlishicha, oilamizdan toʻrt kishiga allaqachon kredit berilib, rasmiylashtirib yuborilgan ekan. Na puldan, na bogʻdan xabarimiz bor.
Ajablanarli tomoni, bu holat bir yoki ikki kishida emas, balki koʻp sonli aholi vakillarida boʻlganligini taʼkidlashmoqda. Qiziq tomoni, nega bank mutasaddilari kredit haqida aholidan sir tutishgan? Yoki tushuntira olishmagan? Buyogʻi bizga qorongʻu.
— Uzumzorning sakson gektari bizga tegishli, — deydi korporatsiya rahbari Erkin Boboqulov. — Bogʻ tashkil etilganidan beri boshimiz muammodan chiqmay qoldi. Rostini aytsam, korporatsiya sifatida taklif qilishganida bir olam orzular bilan ish boshlagandim. Bugun esa faqat zarar bilan ishlashga majbur boʻlyapman. Rostini aytsam, ushbu bogʻni tashkil etish loyihasini ham koʻrmadim. Boisi, loyiha notoʻgʻri tuzilgan. Birinchidan, kovlangan quduqlar soni kam boʻlib, kovlangan quduqlar ham yetarlicha suv bilan taʼminlash imkonini bermaydi. Bundan tashqari, “qora kishmish”navi deb ekilgan nihollarning koʻpchiligi boshqa boʻlib chiqdi. Shuning natijasida koʻzlangan maqsadga erishilmadi. Koʻpgina nihollar qurib qoldi. Oʻtgan yili yana ekildi, suv boʻlmagani bois bular ham qurib qoldi. Qolganlari ham sovuqda nobud boʻldi.
Mening korporatsiyamga 125 nafar odam aʼzo. Bularga tegishlicha kredit ajratilib, shu uzumzordan foydalanib, kelgusida oilasini tebratish, daromad olib kambagʻallikdan chiqarish edi. Ammo, aksincha boʻlib, odamlarni faqatgina qarzdor qilib qoʻyishdan nariga oʻtilmadi. Oʻtgan yili biroz daromad olish uchun tok oraligʻiga paxta ham ekdik. Lekin, foyda oʻrniga zarar bilan chiqdik. Mana, 2022-yil iyun oyidan beri elektrdan qarzdorligimiz borligi bois, tokni uzib ketishgan. Oʻshandan beri suvdan ham foydalana olmayapmiz.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, uzumzor tashkil etilishi uchun oʻn olti milliard soʻm mablagʻ sarflangan. Eng qiziq tomoni, barcha soʻmma biror tashkilot yoki korxonaning bank hisobidan emas. Qishloqning oddiy ishsiz fuqarolari nomiga rasmiylashtirilgan kredit evaziga. Ajablanarlisi, faqatgina nimaligi ham aytilmasdan, bir nafar kishiga hattoki uch-toʻrt kishi nomidan imzo qoʻydirilgan hujjatlar evaziga 18 va 33 million soʻmdan mablagʻlar ajratilgan. Hudud aholisining aytishicha, baʼzilarga hattoki oʻsha nomaʼlum qogʻozlarga imzo qoʻymasada, kredit ajratilgan. Bugun esa ular dardini kimga aytishni bilmasdan, hayratda. Hech ikkilanmasdan, kreditdan aholini qarzi bor, ishlamagani uchun daromad olmagan, shu sabab toʻlamayapti, deya taʼkidlayotgan “Xalq banki” ATB Qamashi tuman boʻlimi rahbari, xodimlari, mutasaddilar aslida uzumzorni tashkil etishdan maqsad odamlarni kambagʻallikdan chiqarish uchun qilinayotgan harakat ekanligini tushuntirishganida balki bu holat boʻlmasmidi?
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston» muxbiri.