“Uzbekistan GTL” zavodida shu yil iyun oyining ikkinchi yarmida mamlakatimiz neft-kimyo sanoati tarixiga muhrlanadigan ikkita voqea yuz berdi. Dastavval asosiy xomashyo hisoblangan sintez-gaz ishlab chiqarilishi toʻlaqonli yoʻlga qoʻyilib, undan sintetik neftning birinchi partiyasi hosil qilindi, uning asosida oradan yarim oy oʻtib, sintetik dizel mahsuloti olindi.
“Uzbekistan GTL” zavodida shu yil iyun oyining ikkinchi yarmida mamlakatimiz neft-kimyo sanoati tarixiga muhrlanadigan ikkita voqea yuz berdi. Dastavval asosiy xomashyo hisoblangan sintez-gaz ishlab chiqarilishi toʻlaqonli yoʻlga qoʻyilib, undan sintetik neftning birinchi partiyasi hosil qilindi, uning asosida oradan yarim oy oʻtib, sintetik dizel mahsuloti olindi.
— Prezidentimizning tashabbusi va rahnamoligida bunyod etilgan majmuada neft hamda tabiiy gazni qayta ishlash zavodlari uygʻunlashgan, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. — Yaʼni, zavodning yarmi gazni, qolgan qismi neftni qayta ishlaydi. Loyihaning noyobligi shunda. Zavod uchun eksklyuziv tayyorlangan, uning yuragi boʻlgan Fisher-Tropsh reaktorlari yordamida metan gazi molekulyar darajada parchalanadi. Bu jarayonda sintetik gaz olinadi. Undan istalgan neft mahsulotini tayyorlash mumkin.
Eng asosiysi, bu yerdagi 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarining uzviy ishlashini taʼminlash, shuningdek, ularni toʻliq nazorat qilish va boshqarish “Uzbekistan GTL” zavodining mahalliy muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshirilmoqda.
PREZIDENT EʼTIBORI — QURILISH SHIDDATINING QANOTI
Maʼlumki, “Uzbekistan GTL” zavodini qurishga 2016-yilning 29-dekabrida Prezidentimiz imzolagan “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori bilan start berilgan edi. Mazkur loyihaning moliyaviy modelini ishlab chiqishda nufuzli xalqaro maslahatchilar ishtirok etdi. Bu jarayonda uning rentabelligi, kreditni toʻlash shartlari, qoplash kabi muhim jihatlar hisobga olindi. Ushbu hisob-kitoblar, oʻz navbatida, salohiyatli kreditorlar tomonidan diqqat bilan oʻrganilib, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan birgalikda Xitoy Davlat taraqqiyot banki, Janubiy Koreyaning Eksimbanki va eksport kreditlarini sugʻurtalash davlat korporatsiyasi, Rossiyaning bir qator nufuzli moliya kompaniyalari oʻz sarmoyalarini tikishga qaror qildi.
Loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 420 million AQSH dollarini tashkil etdi. Uni amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-6 standartlariga javob beradigan, yillik qiymati bir milliard dollardan oshadigan 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yonilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Nufuzli ekspertlarning fikricha, majmuining asosiy ahamiyati ham mana shunda. Yaʼni, tabiiy gaz shunchaki xomashyo emas, qoʻshimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi.
Zavodning dunyo neft-kimyo sanoatidagi salohiyati haqida gap borganda, bunday korxonalar faqat Qatar, Janubiy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Malayziyada mavjudligi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlarida qurilgan birinchi zavod ekanligi eʼtirof etiladi.
Majmuani qurish jarayonida ishtirok etgan xalqaro maslahatchi Saravanan Suvermaning soʻzlariga koʻra, Qashqadaryoda bunyod boʻlayotgan sanoat majmuasi dunyodagi GTL loyihalari ichida eng ulkani.
— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev zavod qurilayotgan maydonga bir necha bor tashrif buyurdi, — deydi Saravanan Suvermani — Zero, bu tashabbus ortida yangicha tafakkur, texnologiyalar, yangi istiqbol va eksportning yangi imkoniyatlari mujassam. Mamlakat rahbari loyihani hayotga tatbiq etishga katta eʼtibor qaratib, moliyalashtirish, uskunalarni oʻz vaqtida keltirish, qurilish ishlarining “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, korxonalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish yuzasidan zarur va aniq koʻrsatmalar berdi. Bizni qoʻllab-quvvatlab, yuzaga keladigan har qanday masala va muammoni hal etdi. Bu qurilish shiddatiga qanot berdi.
Majmua Oʻzbekiston uchun ulkan iqtisodiy istiqbollarni belgilaydigan yirik quvvat. Bu yerda sanoat va qishloq xoʻjaligi uchun zarur barcha yoqilgʻi turlari ishlab chiqariladi, eksport salohiyati ham yuqori. Tabiiyki, mamlakatning iqtisodiy rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu kabi ulkan quvvatlarni ishga tushirish orqali qisqa fursat ichida aqlbovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin.
Shu oʻrinda bir qiyos. Qatarda GTL texnologiyasi asosida faoliyat koʻrsatuvchi zavodda bir yilda 1 million 200 ming tonna suyuq sintetik yonilgʻi ishlab chiqariladi. Nigeriyadagi korxonaning quvvati 1 million 300 ming tonnani tashkil etadi. “Uzbekistan GTL”da bu koʻrsatkich 1,5 million tonna boʻladi. Bu — yiliga neft xomashyosi importi uchun sarflanayotgan yarim milliard dollar valyuta iqtisod qilinadi, degani.
2021-yil 25-dekabr kuni davlatimiz rahbari “Uzbekistan GTL” zavodining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi va uni mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan ulkan korxona sifatida eʼtirof etdi.
Shu kuni yana bir tarixiy loyihani joriy etishga taʼmal toshi qoʻyildi. Yangi quriladigan korxonada “Uzbekistan GTL”da ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobidan yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi. Yana mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Natijada qoʻshimcha 550 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Oʻz navbatida, ana shu mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash orqali 2 barobargacha koʻp isteʼmol mahsulotlari tayyorlash mumkin. Misol uchun, 100 million dollarlik polimerlardan elektrotexnika, qurilish materiallari, avtomobil sanoati va boshqa sohalarda yiliga qoʻshimcha 200 million dollarlik mahsulotlar xaridorlarga taklif etiladi. Shuningdek, plastmassa va har xil turdagi qadoqlash buyumlari, suv taʼminoti uchun quvurlar ishlab chiqarish koʻpayadi. Yaʼni, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaradigan yana kamida 1 ming 200 ta yangi xususiy korxona va 12 mingta ish oʻrini tashkil etilishi uchun asos yaratiladi.
SINTETIK DIZEL YOQILGʻISI VA BOSHQA MAHSULOTLAR
29-iyun kuni “Uzbekistan GTL” zavodida mamlakatimiz neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida birinchi sintetik dizel mahsuloti ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi. Umuman olganda, korxonaning bu boradagi yillik quvvati 724 ming tonnani tashkil etadi.
— Tez orada qayta ishlash orqali yuqori sifatli, ekologik toza sintetik suyuq yoqilgʻi mahsulotlari, shu jumladan, kerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi ham boshlanadi, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. — Ushbu mahsulotlarni isteʼmolchilarga Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi savdolari orqali sotilishi belgilangan. Bu borada OʻzRTXB va “Uzbekistan GTL” zavodi raxbariyati oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish doirasida muhokamalar oʻtkazilib, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olingan.
Bundan tashqari, jamiyatimiz tasarrufidagi jami 15 ta neft bazasi bilan tayyor mahsulotni saqlash uchun shartnomalar tuzilgan. Ishlab chiqarilishi boshlangan sintetik dizel mahsuloti birja savdolari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri zavoddan sotilishi barobarida respublika miqyosidagi barcha neft bazalari orqali ham realizatsiya qilinishi belgilangan.
Bugungi kunda GTL texnologiyasiga butun dunyoda talab kun sayin ortib borayapti. Shu asosda ishlab chiqarilgan mahsulotlardan xomashyo sifatida foydalangan holda, yanada yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni koʻpaytirishga eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 620 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, toʻqimachilik, charm va mebel, qurilish materiallari, elektrotexnika kabi sohalarda keng qoʻllaniladi.
Zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlar jahondagi eng yuqori ekologik talablar, norma va standartlarga toʻliq javob beradi. Ana shu zavodni ishga tushirish orqali mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” sari yana bir katta qadam qoʻyilyapti. Xususan, zavodni elektr energiyasi bilan taʼminlashda ham innovatsion yechimlar qoʻllangan. Yaʼni, texnologik jarayonlarda hosil boʻladigan bugʻ hisobidan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, korxona oʻzini oʻzi zarur quvvat bilan taʼminlaydi.
Prezidentimiz eʼtirof etganidek, mazkur jarayonlarda ishtirok etadigan yoshlar — Yangi Oʻzbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib, bu yoʻlda “oltin fond”imizga aylanadi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi