– Ikki tomonlama munosabatni yanada yaxshilash, sayyohlik va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakat doirasida tashlangan bu qadam oʻzaro chuqur tarixiy aloqalar, mustahkamlanib borayotgan doʻstlikni anglatadi, – deydi muallif. – Ushbu imtiyoz joriy yil 1-iyundan kuchga kiradi.
– Oʻzbekiston oʻmonlik birodarlar boy madaniy va tarixiy obidalarimiz, anʼanaviy mehmondoʻstlikdan tashqari YUNESKO Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obidalarimizni kashf etishlari uchun keng imkoniyat yaratadi, – deydi Elchi Abdusalom Hotamov. – Keyingi bosqichda madaniy va iqtisodiy almashinuvni chuqurlashtirish maqsadida turizm koʻrgazmalari, iqtisodiy forumlar, Oʻmon sayyohlik agentlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tanishuv tashriflari kabi qoʻshma tadbirlar uyushtiramiz. Aviatsiya sohasida “Oman Air”ni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni yakunlandi, Masqat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reysni yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik koʻryapmiz. Bizning “Centrum Airlines” kompaniyamiz esa Salaloh shahriga mavsumiy reyslar amalga oshirmoqda. Bu chora-tadbirlar oʻzaro sayohatni osonlashtiradi, turizmni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.