Transport vazirligining xabar berishicha, shu yilning 23-iyun kuni Mongoliya poytaxti Ulan-Bator shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Oʻzbekiston–Mongoliya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Mamanbiy Omarov Moʻgʻulistonning “Hunnu Air” aviakompaniyasi rahbari Purevjav Munxjargal bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda tomonlar Ulan-Bator shahridan Toshkentga toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq masalalarni muhokama etishdi.
Xususan, muzokara davomida “Hunnu Air” aviakompaniyasiga kerakli slotlar ajratilishi masalasiga aniqlik kiritildi hamda tranzit yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish mexanizmi va tartibini muvofiqlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid kelishuvlarga erishdi.