Muallif Oʻzbekiston boʻylab sayohati haqida yozar ekan, Xiva, Buxoro va Samarqand taʼrifiga toʻxtalgan. U mazkur shaharlardagi diqqatga sazovor joylar va qadimiy obidalarga ishlatilgan ranglarga alohida eʼtibor qaratgan. Nikolas Kinlox atoqli shoir Jeyms Elroy Flekerning 1913-yilda Samarqandga “bilmagan narsalarni bilish” maqsadida amalga oshirgan sayohati haqidagi soʻzlaridan iqtibos keltirgan.
Nashrda Xiva asosan loy gʻishtdan qurilgan va atrofi mustahkam istehkomlar bilan oʻralgan ixcham shahar, deb taʼriflangan.
— Bu yerda mashgʻul boʻladigan va tomosha qiladigan narsalar koʻp. Siz bularni unutmaysiz, — deydi muallif. — Xiva qalʼasi, XII asrda bunyod etilgan Koʻhna Ark bilan tanishuv koshinlarni qoʻllashda qanday natijalarga erishish mumkinligi haqidagi tushunchangizni kengaytiradi. Juma masjidining minorasiga chiqib, shaharni oʻrab turgan hayratlanarli manzaradan bahra olishingiz mumkin.
Muallif Buxoro haqidagi taassurotlarini batafsil tasvirlab berar ekan, ushbu qadimiy kent u borgan uchta shahar ichida unga eng koʻp yoqqanini taʼkidlaydi.
— Boshqalardan farqli oʻlaroq, bu yerda eski va yangi anʼanalar uygʻunlashib ketgan, — deb yozadi Nikolas Kinlox. — Buxoroga tashrifingizni bir vaqtlar shaharni suv bilan taʼminlagan, choyxonalar va yotoqxonalar bilan oʻralgan suv havzasi — Labi Hovuzda bir piyola choy ichishdan boshlang. Shaharning markaziy qismida XVI-XVII asrlarga mansub qadimiy binolar majmuasi, jumladan, 1560-yillarda qurilgan Koʻkaldosh madrasasi joylashgan.
Nikolas Kinloxning yozishicha, Samarqand shahri ham eng taʼsirli maskanlardan biri.
— Shaharda Markaziy Osiyodagi eng goʻzal meʼmoriy yodgorliklarning namunalari saqlanib qolingan, — deb taʼkidlaydi muallif. — XIII asrda Samarqand boshqa koʻplab shaharlar kabi moʻgʻullar istilosi paytida butunlay vayron etilgan. Shahar keyinchalik Amir Temur davlatining poytaxti sifatida yuqori darajada qayta tiklangan.
Nikolas Kinlox maqolasini “Siz oʻzingizni munosib kamera, qoʻllanma, qulay poyabzal bilan qurollantirishingiz va chiptalarni hoziroq bron qilishingiz kerak”, degan soʻzlar bilan yakunlagan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.