Kuni kecha bir guruh hamkasblarimiz bilan Nukus shahrida boʻlib qaytdik. Nukusga, deyishsa doim shoshilib borganman. Boisi, bu shaharda qoraqalpoq doʻstlarim koʻp, mehmondoʻst, bagʻrikeng va tanti xalq. Yana Orolning vazmin ovozini eshitishga ishtiyoqmand. Ijtimoiy-siyosiy sabab ham borki, bu — Qoraqalpogʻistonda boʻlayotgan katta oʻzgarishlarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrish havasi.
Bulutlar bagʻrida shular haqida xayol surib ketar ekanman, bu safar koʻnglim biroz xijil edi. Bugun Nukus, nukusliklar, qoraqalpogʻistonlik yurtdoshlarimiz kayfiyati qanday ekan, ularning koʻnglidan nelar oʻtmoqda, tashvishi, qaygʻusi chekindimikan? Savollar koʻp. Afsuski, samolyot bortida bu savollarga javob topishning imkoni yoʻq.
Soat 10:40. Nukus xalqaro aeroportiga qoʻndik. Tashqarida bizni nukuslik hamkasblarimiz zamonaviy rusumdagi mashinalarda iliq kayfiyatda kutib turgan ekan. Asli qoraqalpogʻistonlik taniqli telejurnalist Nazira Mambetsharipova bilan qoʻl siqishib koʻrishdik. U bizni koʻrib jilmayar, lekin koʻzlarida qandaydir mung borga oʻxshar, boʻlib oʻtgan voqealar dilini qattiq ogʻritgani shundoq sezilib turardi. Qisqa tanishuv va suhbatdan soʻng birinchi manzil sari yoʻl boshlandi.
Koʻnglimizga taskin kirdi. Odamlar odatdagi turmush yumushlari bilan band, kimdir ishga, kimdir oʻqishga, yana kimdir bozorga shoshadi. Hammayoq osoyishta, tinch. Agar bilmaganimizda, kimdir bizga bu koʻchalarda bir necha kun oldin ayrim gʻalamis kimsalar qutqusiga uchgan minglab odamlar, asosan yoshlar ommaviy tartibsizlik uyushtirgan, tinch aholi halovatini buzib, mamlakat xavfsizligiga, amaldagi davlat tuzumiga qarshi harakatlar sodir etgan, desa ishonish qiyin edi.
Bu yerdagi osoyishta, sarishta muhit xayolimizni yana oʻtgan yillarga bogʻlaydi. 2017-2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi vaziyatni oʻnglash, odamlar turmush sharoitini yaxshilash maqsadida juda katta, nihoyatda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan besh yilda Qoraqalpogʻistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga jami 17 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shu jumladan, byudjetdan 4 trillion soʻm, xalqaro moliya tashkilotlaridan 444 million dollar hamda 10 trillion soʻm bank kreditlari ajratildi.
Albatta, bu raqamlar tilga kirmaguncha, uning ahamiyatini tushunish mushkul. Buning uchun koʻp gapirish kerak. Biz faqat bir jihatga toʻxtalmoqchimiz. Oʻtgan davrda Qoraqalpogʻistonda aholi jon boshiga daromad 2,7 barobarga oʻsdi, mamlakatimizda eng oxirgi oʻrindan, bugungi kunda 9-oʻringa koʻtarildi. Jami 83 mingta yangi doimiy ish oʻrni yaratilib, oʻrtacha ish haqi 2,8 barobarga oshdi va 2,7 million soʻmga yetdi.
Real yalpi hududiy mahsulotlar hajmi 132 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi 133 foizga, qurilish ishlari 2 barobarga, qishloq xoʻjaligi 120 foizga va xizmatlar hajmi 175 foizga oʻsdi.
Bu ulugʻvor ishlar boshida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan oʻzi turdi. Nukusga tez-tez bordi. Boʻlayotgan ishlarni oʻz nazoratiga oldi. Aytdiki: Toshkentda boʻlayotgan har qanday yangilanish va oʻzgarish darhol Nukusda, butun Qoraqalpogʻistonda ham boʻlishi kerak.
Shunday boʻldi ham. Bugun Qoraqalpogʻistonni bundan besh-olti yil oldingi hayotga nisbatan mutlaqo solishtirib boʻlmaydi. Qurulish ishlari avjida, eng olis ovullarda ham yangi infratuzilma paydo boʻlganini koʻrasiz. Ovul ovul boʻlib, odamlar yuz yillardan buyon yashab koʻrmagan ishlar boʻldi: ichimlik suv yetib keldi, bolalar bogʻchalari qurildi, yangi maktablar, tibbiyot va boshqa ijtimoiy obyektlar ish boshladi.