Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi

    Investitsiyalar 4 Iyul 2023 1175

    Joriy yil 4-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashdi.

    Maʼlumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki koʻp tomonlama rivojlanish instituti hisoblanadi. Uning maqsadi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy hamkorlikni ragʻbatlantirish, Osiyoda yoʻllar va aeroportlar qurishdan tortib, aloqa antennalari va arzon uy-joylar qirishgacha boʻlgan infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishdir. Hozirgi kunda 80 dan ortiq davlat OIIBga aʼzodir.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va OIIB oʻrtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mavjud loyihalarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati muhokama qilindi.

    Xususan, energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, transport va tibbiyot kabi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan 13 ta loyihani oʻz ichiga olgan OIIBning Oʻzbekiston Respublikasidagi joriy investitsiya portfeli hajmining oʻsishining ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. 2023-yil mart oyidan buyon Bank tomonidan energetika sohasida loyihalarni amalga oshirish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollari miqdoridagi 3 ta kredit liniyasi maʼqullandi.

    Lyudger Shuknext Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va OIIB hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorligini taʼkidladi.

    “Oʻzbekiston biz bilan loyihalarning uch yillik sikli boʻyicha hamkorlik qilayotgan birinchi davlatdir. Bizning asosiy eʼtiborimiz, albatta, infratuzilmani barpo etish, inson kapitalini mustahkamlash, xususiy sektorni rivojlantirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini oldini olish boʻyicha global masalalarni ilgari surishga qaratilgan. Mamlakatingiz bilan samarali hamkorligimizni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi u.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar qoʻshma loyihalarni sifatli amalga oshirish va oʻzaro munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.