Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish boʻyicha yangi yondashuvlar, gʻoyalar va tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi

    Xalqaro hamkorlik 5 Oktabr 2023 1867

    Joriy yil 4-oktyabrda Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va uning ixtisoslashgan tuzilmalari hamkorligida Oʻzbekistonda gender tengligi boʻyicha Barqaror rivojlanish maqsadlari muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, uning ixtisoslashgan tuzilmalari, vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Muloqot davomida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish, ularning bandligiga koʻmaklashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida fikr almashildi.

    Ayni damda yurtimizda ayollarning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, taʼlim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizni tashkil etishi, shuningdek, xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 33 foizga hamda partiyalar safidagi ulushi 47 foizga yetganligi eʼtirof etildi.

    Tadbirda joriy yilda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi qonunning qabul qilinishi, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik, taʼqib etish, shahvoniy shilqimlik kabi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar belgilanganligiga eʼtibor qaratildi.

    Qolaversa, soʻnggi olti yilda gender tenglikni taʼminlashga, xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga, oila institutini mustahkamlashga qaratilgan 40 dan ziyod qonun hujjatlarining qabul qilingani, shu jumladan, 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash strategiyasining ahamiyati, ularni amalga oshirish boʻyicha Milliy dastur va chora-tadbirlar rejalarining ijrosi ishtirokchilar tomonidan batafsil muhokama etildi.

    Sohada olib borilayotgan islohotlar qator xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham yuqori baholanayotganligi, xususan, “Open Data Watch” tashkilotining Ochiq gender maʼlumotlari indeksida Oʻzbekiston 69,7 ball bilan 195 ta davlat orasida 18-oʻrinni qayd etib, top-20 talikdan joy olganligi alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir soʻnggida ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish boʻyicha yangi yondashuvlar, gʻoyalar va tashabbuslar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.