Termiz davlat universiteti rektori Avazbek Marahimovga Denov tumanidan 50 nafar “qizil” toifadagi imkoniyati cheklangan yoshlar biriktirilgan edi.  

Kuni kecha universitet rektori va tashkil etilgan ishchi-guruh Denov tumanida bo‘lib, doimiy ravishda “qizil” toifadagi imkoniyati cheklangan yoshlarning muammolarini o‘rgandi.

Rektorga biriktirilgan yoshlar bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda yigit-qizlarning muammolari va ehtiyojlariga ko‘ra o‘zlari so‘ragan 21 turdagi turli texnik jihozlar topshirildi.

Denov tumanidagi “Yangi kuch” mahallasida istiqomat qiluvchi Narzulla Otamurodov II guruh nogironi bo‘lishiga qaramay mehnat qilib, oilasiga daromad keltirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Bugun Narzullaning quvonchi cheksiz, motokultivatorni uyiga olib kelishlari bilan dalaga ishga tushib ketdi. U yoshligidan texnikaga qiziqqani bois bo‘lsa kerak motokultivatorni boshqarishda hech qanday qiyinchilik sezmadi. Bugun Narzulla Otamurodov singari 50 nafar yigit-qizning quvonchi cheksiz. Endi ularning ham o‘z daromad manbai bor.  

“Qizil toifa”dagi yoshlarning muammo va takliflari o‘rganilgach, 1 nafar yosh bepul tayyorlov kursiga joylashtirildi. 5 nafari doimiy davolanish uchun zarur mablag‘ bilan ta’minlanmoqda.

Bu say-harakatlarning barchasi mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotgani, ular hamisha davlat g‘amxo‘rligida ekanligidan dalolat beradi.

Denov tumanida Termiz davlat universiteti rektori A.Maraximov “qizil toifa”dagi denovlik yoshlarning har biri bilan alohida suhbatlashdi va ularning qiziqish, istaklari doimo e’tiborda ekanini alohida ta’kidladi.