Unda kelajakda oʻz biznes faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan yoshlar, ayollar ishtirok etyapti.
Maqsad, yoshlar va xotin-qizlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit oluvchi aholi qatlamlarida koʻnikmalarni rivojlantirish, biznesni boshqarishda yetarli amaliyot joriy etishdan iborat. Ayni kunlarda ushbu dastur doirasida 100 dan ortiq fargʻonalik tinglovchilar bilan sifatli, mutlaqo bepul hamda amaliyotga qaratilgan oʻquv jarayonlari olib borilyapti.
Yangi ish oʻrinlarini yaratish hududdagi moliyaviy-iqtisodiy oʻsish parametrlariga ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Biznes va tadbirkorlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlar sonini koʻpaytirish esa aynan yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtira olish bilan bevosita bogʻliq. Oʻquv seminari davomida davlat xizmatlari markazi xodimlari tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda davlat roʻyxatidan oʻtish, ilk faoliyat uchun yaratilgan moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlar, hujjatlarni rasmiylashtirish, 2022-yilda bosqichma bosqich joriy etilayotgan yangi davlat xizmatlari yuzasidan tinglovchilarga tushunchalar berildi.
Oʻquv kurslari ikki hafta davomida olib boriladi. Unda “Soliqlar va majburiy toʻlovlar, imtiyozlar”, “Kreditning moliyaviy manbalari”, “Marketing va mahsulotlarni samarali sotish” kabi oʻnlab mavzularda darslar oʻtiladi. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab sertifikatga ega boʻlgan tinglovchilar tijorat banklari tomonidan berilayotgan imtiyozli kredit mablagʻlarini olishlari va oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlashi mumkin.
Tashkil etilgan oʻquv seminar yakunida ishtirokchilar hududdagi tekstil korxonalarning birida ish jarayonlari bilan tanishtirildi. Tashrif davomida amaliyot bilan bogʻliq savol-javoblar boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilarga korxonaning tashkil etilishi, hujjat ishlarini yuritish, bozorni oʻrganish, marketing kabi amaliy hamda nazariy bilim-koʻnikmalari berildi.
DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.