1999-yildan buyon BAAda faoliyat koʻrsatib kelayotgan “FMS” vakili bilan Buxoro, Zomin va Boʻstonliq turizm kollejlarida mehmonxona boshqaruvi, servis va boshqa yoʻnalishlarda Shveysariya taʼlim tizimi asosida yangi oʻquv dasturlarini joriy etish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston diplomatlari ushbu 3 ta taʼlim muassasasi boʻyicha batafsil maʼlumot berish maqsadida alohida taqdimot oʻtkazdilar.
Nadin Patrik Kudin “FMS” kompaniyasi faoliyati haqida toʻxtalar ekan, u Shveysariya taʼlim tizimi litsenziyasiga ega ekanini maʼlum qildi.
Shveysariya biznes kengashi aʼzosi joriy yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonga borish istagini bildirdi. Uning aytishicha, safar davomida Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlaridagi taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Monomarkazlar faoliyati bilan tanishish rejalari bor.
Buxoro, Zomin va Boʻstonliq turizm kollejlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlar bitimini 2022-yil 30-noyabr – 2-dekabr kunlari boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida imzolashi mumkinligi qayd etildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, mamlakatimizning BAAdagi diplomatiya vakolatxonalari davlatimiz rahbari raisligida 19-sentyabr kuni “Mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yana-da oshirish chora-tadbirlari” boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminllash boʻyicha barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Xususan, mamlakatimiz elchixonasi Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha hamkor tashkilotlar, BAA va xorijiy turkompaniyalar bilan aloqalarni yana-da chuqurlashtirmoqda.
Arab davlatlaridagi ziyorat turizmiga nisbatan munosabatni inobatga olib, dastlabki bosqichda BAAning Sharja amirligi bilan Oʻzbekiston tarixiy shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, BAAdan aviaqatnovlarni koʻpaytirish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda. 2022-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, haftasiga 16 ta qatnov amalga oshirilayapti. Yil oxirigacha mazkur koʻrsatkichni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan - ilk bor Abu Dabi shahridan Toshkent va Samarqand shaharlariga, shuningdek, Dubay shahridan Samarqand, Namangan va Fargʻona shaharlariga qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi.