Gazeta bosh muharriri Ali al-Hasaniy tomonidan yozilgan mazkur maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi, davlatchilik sohasida qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari atroflicha qalamga olingan.
Maqolada taʼkidlanganidek, Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda tugʻilgan va Temuriylar salolasining toʻrtinchi avlodi hisoblanadi. “Yoshligidan taxt tepasiga kelgan Bobur keyinchalik shimoliy Hindistonni egallagan va u yerda oʻz saltanatini barpo etdi. Uning kelib chiqishi Markaziy Osiyo, Fargʻonadan. Ota tarafdan Sohibqiron Amir Temurga borib taqaladi”, deb yozadi muallif.
Maqolada Bobur oʻzining batafsil tarjimayi holini “Boburnoma” memuarida yozib qoldirgani qayd etilgan.
“Bobur «Boburnoma” asarining birinchi bobida, quyidagilarni taʼkidlaydi: “Men hijriy 899-yilning Ramazon oyida va oʻn ikki yoshimda saltanatning beshinchi mintaqasi boʻlgan Fargʻonaga podshoh boʻldim. Sharqdan Qashqar, Gʻarbdan Samarqand, Janubdan Tabrakshon togʻlari bilan chegaradosh boʻlgan yirik hududning hukumdori boʻldim”, deyiladi manbada.
Muallif yozganidek, Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsini oʻrganish va uning merosi boʻyicha izlanishlar olib borish maqsadga muvofiqdir. “U tarixda nafaqat harbiy jihatdan, balki har tomonlama buyuk shaxslardan biri sifatida oʻz oʻrniga ega, deya taʼkidlaydi Ali al-Hasaniy. Bobur kuchli harbiy sarkarda boʻlishi bilan bir qatorda tarixchilar uni yetuk olim sifatida ham tavsiflaydilar. U turli fanlarga oid bir qancha kitoblar hamda turkiy va fors tillarida sheʼrlar yozgan”.
Maqola intihosida “Bobur — koʻplab mamlakatlar, podshohliklar, sivilizatsiyalar va musulmonlar oʻrtasidagi toʻqnashuv xavfini bartaraf qilgan shaxs, maqsadga erishish yoʻlida sabr-toqatli boʻlish va masʼuliyatni his etish muvaffaqiyatga eltishini teran anglagan fazilatlar sohibi boʻlgan”, deb yozadi “Asdaa Oman” gazetasi.