Oʻzbek va venger xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bunday munosabatlarning shakllanishi oʻtmishda Shandor Kyoryoshi Choma, Herman Vamberi, Onodi Bertalan, Yenyo Zichi, Dyord Almashi, Aurel Shteyn kabi mashhur venger olimlari va sayyohlarining xizmatlari katta. Xususan, Herman Vamberi 1858-yilda 14 ming soʻzdan iborat “Nemischa — turkcha”, 1860-yilda 40 ming soʻzni oʻz ichiga olgan “Oʻzbekcha — nemischa” lugʻatni Istanbulda nashr ettirgan.
Olim-tadqiqotchilarning qayd etishicha, Vamberining mintaqamizga qilgan sayohati asosida yaratilgan “Buxoro tarixi yoki transsaksoniya” va “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” asarlari bugungi kunda ham Yevropada, xususan, Vengriyada Markaziy Osiyo davlatlari tarixi, geosiyosiy ahamiyati, madaniy, tarixiy, iqtisodiy jarayonlarga taʼsir etgan omillarini oʻrganishda muhim manba hamda qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda va mintaqamiz tarixini oʻrganishda qoʻllanma sifatida foydalanib kelinadi.
Vamberi oʻz yurtiga qaytganidan keyin koʻp oʻtmay uning “Chigʻatoy tili saboqlari” nomli yana bir kitobi bosildi. Uning “Xrestomatiya” qismida bundan bir yarim asrdan sal oldinroq, yaʼni 1867-yilda oʻzbek maqollaridan 112 tasining aslini oʻzbek-arabiy hamda lotin imlosida, davomidan olmon tiliga tarjimasini beradi.
Shu yil may oyi oxirlarida Vengriyaning Velense shaharchasidagi qabristonda gulchambar qoʻyish marosimi oʻtkazildi. Shu tariqa ushbu mamlakatda yashab ijod qilgan oʻzbek olimi Mulla Isoq Ibrohim tavalludining 186-yilligi munosabati bilan vatandoshimizning ulkan ishlariga hurmat koʻrsatildi.
Velense shahri meri Yanosh Xovari oʻz soʻzida venger va oʻzbek xalqlari qadim aloqalarga egaligini eʼtirof etar ekan, ikki xalqning tarixiy kelib chiqishi bir-biriga tutash ildizlarga borib taqalishini, oʻzaro tarixiy munosabatlar XIX asrda Herman Vamberi va Mulla Isoqning oʻzaro doʻstligi natijasida qayta tiklanganligini, yurtdoshimiz oʻz hayot yoʻli va ijodi bilan Vengriya madaniyati rivojiga hissa qoʻshganini alohida taʼkidladi.
Maʼlumki, Isʼhoq Ibrohim asli Qoʻngʻirotda tugʻilgan va Xivada madrasada tahsil olgan. Vamberining yurtimiz shahar, qishloqlari va chet mamlakatlariga safarlarida hamrohlik qilgan. Keyinchalik Vamberi bilan Vengriyaga kelgan, bir umr doʻsti va shogirdi boʻlib qolgan.
Isʼhoq Ibrohim Vengriya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida ishladi, vengriyaliklarga oʻzbek hamda boshqa turk tillarini oʻqitdi. Yevropaning ilmiy doiralarida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻldi. U oʻzbek xalq maqollari, ertak va topishmoqlarini venger tiliga tarjima qilib, Vengriya Fanlar akademiyasining filologiya boʻlimi tomonidan chop etiladigan “Tilshunoslik axboroti”da eʼlon qildi. Hatto mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Ushbu asar oʻtgan yili davlatimiz rahbarining soʻzboshisi bilan Toshkentda yangi tahrirda nashr etildi. Prezidentimiz oʻzbek va venger xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstlikning yorqin ifodasi boʻlgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga 2021-yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida tuhfa qildi.
Hamkorlikning yangi koʻpriklari
Keyingi paytda Oʻzbekistonning Vengriya bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlanib boryapti. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Oʻtgan yil Vengriya Bosh vazirining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida qoʻshma deklaratsiya qabul qilingan edi. Shuningdek, turli vazirlik hamda idoralar oʻrtasida koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi.
Ekspertlar mazkur voqealar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davri boshlanganligining dalolati sifatida baholashagani bejiz emas.
— Gap shundaki, avvalo, bunday keng qamrovli oʻzaro strategik hamkorlikka Yevropa davlatlari orasida birinchi boʻlib Vengriya bilan erishildi, — deb yozadi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Joʻrayev. — Ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi, ikki mamlakatning oʻziga xos oʻxshash jihatlari, Vengriyaning Markaziy Yevropada, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda joylashganligi, shuningdek, Vengriya Yevropa davlatlari uchun Oʻzbekistonga, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Vengriya uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga koʻprik vazifasini bajarish istiqbollari hamkorlikni yangi yutuqlar bilan toʻldirishni kafolatlaydi...
Shubhasiz, rivojlangan davlatlar, ayniqsa, yevropaliklarda Oʻzbekistonga nisbatan ishonchning ortganligi yurtimiz taraqqiyotining yangi davri uchun oʻziga xos va mos xususiyat boʻlib, bu mamlakatimizning dunyoga integratsiyalashuviga yangi impuls beradi. Bu holat, oʻz navbatida, oʻzbek — venger munosabatlarining yangi yoʻnalishlarini topishga, ishga tushirishga imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.
Haqiqatan, shunday. Oʻzaro munosabatlar rivojlanishining bugungi darajasi ham buni tasdiqlab turibdi. Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshdi. Joriy yilda bu boradagi koʻrsatkichni qariyb 50 foizga oshirish maqsad qilingan. Prezidentimizning rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani ham tomonlar hamkorlik qilishdan manfaatdorligining navbatdagi yaqqol tasdigʻi boʻldi.
Madaniy-gumanitar sohada delegatsiyalar almashuvi muntazam ravishda amalga oshirilmoqda, ular har ikki davlatda oʻtkaziladigan turli xalqaro madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Yana bir eʼtiborli tomoni “Xungarikum” dasturi doirasida Vengriya hukumati tomonidan ajratilgan grant dasturi doirasida oʻzbekistonlik talabalar Vengriyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. 2021-yil sentyabr oyidan boshlab mamlakatimiz uchun tegishli kvotalar soni 100 taga yetkazilgan boʻlsa, 2022–2023 oʻquv yilida doktorantura bosqichi uchun qoʻshimcha 50 ta, jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishi boʻyicha 20 ta oʻrin ajratildi.
Qishloq xoʻjaligidagi innovatsion loyihalar
Ayni kunda Vengriya qishloq va shaharchalarida boʻlsangiz, kuz fasliga xos rango-rang manzaralar eʼtiboringizni tortadi. Uning belgilaridan biri — oddiy qovoqlar. Yilning shu faslida qovun va tarvuzning turdoshi boʻlgan, har xil oʻlcham, shakldagi minglab oltinrang, zargʻaldoq, yoʻl-yoʻl “toʻn” kiygan qovoqlar dalalar boʻylarini egallaydi, bozorlarda sunʼiy piramidalar hosil qiladi, supermarketlar eshigi oldida oʻzlarini koʻz-koʻz qiladi.
Aksar fermer xoʻjaliklari Martonvazar shahrida oʻtkaziladigan bunday neʼmatlar faslida ishtirok etadi. Ayni paytda bu festival tashrif buyuruvchilar, olimlar va mutaxassislar uchun muloqot qilish va kelgusidagi qoʻshma tadbirlarni rejalashtirish uchun ajoyib joy. Uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlari va Vengriyaning “Marton Genetics” ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish orqali makkajoʻxori va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi. Bu loyihalar vazirlik bilan “Marton Genetics” ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida imzolangan memorandiumda ham oʻz ifodasini topdi.
Shu oʻrinda Vengriyaning “AgroFeed Kft” kompaniyasi vakili Aleksandr Yanchevskiyning suhbatlarimizdan birida aytgan fikrlari yodga tushadi.
— Oʻzbekistonga kelishdan oldin Vamberining “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” kitobini sinchiklab oʻqir ekanman, uning yurtingiz haqidagi shunday fikrlari diqqatimni tortgan edi:
“Mevalari Eron va Turkiyadagina emas, butun yevropadagilardan totli. Tengi yoʻq, ajabtovur qovunlari Pekingacha maʼlum... Bir arava qishki qovunga, bir arava shakar toʻlashadi. Ularning shirinligi toʻgʻrisida yevropalik hatto tasavvur ham qilolmaydi. Ular shu darajada shirin va xushboʻyki ogʻizda eriydi. Agar ular non bilan yeyilsa, bizga inʼom etgan eng yaxshi taom shu boʻladi”.
Oradan bir yarim asr oʻtib men ham Oʻzbekistonda boʻlar ekanman, mashhur vatandoshimning Xiva, Buxoro, Samarqand va Qarshining oʻziga xos tabiati, iqlimi, dunyoga mashhur neʼmatlari haqida hayrat bilan yozganlarining shuncha vaqt oʻtganiga qaramay, har jabhadagi tasdigʻini koʻrdim. Ayniqsa, qovunlari hali-hanuz ana shunday shirin. Qovun saylida boʻlsangiz, oʻzingizni ertaklar olamiga kirib qolganday his qilasiz. Tanti, oqil va mehnatkash odamlar, oʻz kasbining fidoyi mutaxassislari, izlanuvchan va intiluvchan olimlarning yaratuvchanlik ishlari havas uygʻotadi. Ular bilan ishlash va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish kishiga zavq beradi, ruhlantiradi.
Prezidentimizning Vengriyaga rasmiy tashrifi chogʻidagi muzokaralarda
strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga, eng avvalo, oʻzaro savdoni koʻpaytirish, farmatsevtika, agrosanoat majmui, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
— Biz Oʻzbekistonning vazirlik va kompaniyalari bilan uch yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, — deydi “AgroFeed Kft” kompaniyasining MDH mamlakatlari boʻyicha direktori Tomash Toperser. —Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi davomida imzolangan bitim va kelishuvlar chorvachilik va parrandachilik sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga chiqarishga xizmat qilishi bilan ham bizni mamnun etayapti.
Chunki, bu yoʻnalishdagi ishlar qamrovi tobora kengayib boryapti. Masalan, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda parrandachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarga veterinariya xizmatini tashkil etish, parranda, chorva mollarini oziqlantirish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatib kelyapmiz, ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkazib, mutaxassislar bilan tajriba almashishni yoʻlga qoʻyganmiz.
Inson sogʻlom boʻlishi uchun bir yilda oʻrtacha 10 kilogramm parranda goʻshti va 100 dan ortiq tuxum isteʼmol qilishi zarur. Chunki ular parhez mahsulotlari hisoblanib, inson organizmi uchun juda foydali. Shu jihatdan qaraganda ham Oʻzbekistonda mazkur sohani rivojlantirishga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat har qanday kishini mamnun etadi.
Maʼlumotlarga qaraganda, agar 2019-yilda mamlakatda 14 million parranda boqilib, 12,5 miliard dona tuxum yetishtirilgan boʻlsa, oʻtgan 2020-yilda bu koʻrsatkichlar 1,5 baravar, 2021-yilda esa, parandalar bosh soni 90,1 milliondan oshgan. Ana shunday oʻzgarishlarga erishishga Vengriyaning parrandachilik kompaniyalari ham oʻz hissalarini qoʻshishga harakat qilmoqda.
Bugungi kunda kompaniyamiz eng zotdor va mahsuldor krosslarini Oʻzbekistonga olib kelish, ularni iqlimlashtirish, parrandachilik xoʻjaliklari va omuxta yem ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga joʻja, ozuqa mahsulotlari va uning qoʻshimchalari, dori vositalari bilan taʼminlash, ana shunday korxonalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ustida ish olib boryapmiz.
Ana shunday loyihalardan biri bundan ikki oy oldin Karmana tumanidagi “Colden Lake Miracles” masʼuliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirildi. Jamiyatga Vengriya davlatining “BABOLNA TETRA” kompaniyasidan “Super Harco” naslli 10 ming bosh xonaki joʻjalar keltirildi. MCHJ taʼsischisi Aziz Suvonovning qayd etishicha, mazkur naslli parrandalari yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi, juda tez oʻsadi. Masalan, 3,5 oylik xoʻrozning vazni taxminan 2 kilogrammga, 5,5 oylik tuxum qoʻyadigan tovuq vazni esa 2–2,5 kilogrammgacha yetadi.
Qayd etish joiz, Prezidentimizning Vengriyaga rasmiy tashrifi soʻnggi yigirma yil ichida birinchi marta boʻlib oʻtayotgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Ayni kezda bu tashrif yil oʻzaro diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligi keng nishonlanayotgan bir paytda oʻtdi.Sammit davomida qator muhim ikki tomonlama shartnomalar va dasturilamal hujjatlar imzolangani mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlashga, ayniqsa, tadbirkorlarning oʻzaro aloqalarini yanada kengayishiga, oʻzaro ishonchning oshishiga xizmat qiladi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri