Toshkentda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi innovatsiyalar koʻrgazmasi davom etyapti

    Energetika 29 Iyul 2022 1640

    2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va yangi imkoniyatlar” respublika koʻrgazmasi boʻlib oʻtyapti.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 10-iyunda “Iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari” yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu sohadagi yangiliklarni keng joriy etish boʻyicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

    Ushbu vazifalar ijrosidan kelib chiqib, joriy yil 28-29-iyul kunlari “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi binosi hududida “Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va yangi imkoniyatlar” mavzusida Respublika koʻrgazmasi tashkil etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur koʻrgazmada quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi 20 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etyapti.

    Taʼkidlandiki, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash barcha ishlarda ustuvor tamoyil etib belgilangan. Odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan biri esa bu energiya. Soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida bu sohadagi uzilishlar ancha kamaydi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining energiyaga boʻlgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha ogʻirlik elektr tarmoqlariga tushyapti.

    Bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt-soatga oshishi kutilyapti. Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl uy, korxona, bogʻcha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirishdir. Shu boisdan, qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari doimiy eʼtiborida boʻlib kelyapti.

    Bu borada aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Ushbu tizimga koʻra, har bir oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ham yaratiladi.

    Masalan, bir oila suv isitish uchun bir oyda oʻrtacha 195 ming soʻm xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million soʻm evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi oʻrnatsa, davlatdan 2 million soʻm kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod boʻlishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va “yonga qoladi”. Agar, oila kompensatsiyani emas, boʻlib-boʻlib toʻlashni tanlasa, oylik toʻlov 170 ming soʻm boʻladi. Yaʼni, hozirgi toʻlovidan ham kam boʻladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi.

    Yana bir qulay tomoni, odamlar buning uchun biron-bir idoraga borib yurmaydi. Hamma hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal etib beriladi. Bu tizim Energetika vazirligining maxsus jamgʻarmasi orqali joriy etiladi. Davlatimiz rahbari barcha jarayonlarni raqamlashtirib, ushbu yangi tizimni 1-sentyabrdan yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma bergan edilar.

    Hisob-kitoblarga koʻra, bir yilda Oʻzbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz isteʼmol qilinadi. Misol uchun, oʻtgan yili energiya resurslariga Suv xoʻjaligi vazirligi 3 trillion soʻm, xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash tizimlari 200 milliard soʻmdan byudjet mablagʻlarini sarflagan. Bu esa oʻz navbatida barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga oʻtkazish vaqti kelganligini koʻrsatadi.

    Koʻrgazmada B2B formatda uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, tuzilgan shartnomalar www.cooperation.uz platformasi orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi va toʻlovlar amalga oshirilishi uchun asos boʻladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.